Asosiy mazmunga o‘tish

O‘zbekistonlik abituriyentlar uchun qo‘llanma

Malayziya universitetiga qanday kirish mumkin: hujjatlar va talaba vizasi

Nimani tayyorlash kerak, qaysi tartibda va qancha vaqt ketadi: dastur tanlash va offer letter’dan tortib EMGS vizasi va pasportdagi Student Pass’gacha. Quyidagi ma’lumotlar EMGS va universitetlarning rasmiy talablari bilan solishtirilgan.

EMGS va elchixona ma’lumotlari 2026-yil 1-oktabrda tekshirilgan

City University Malaysia talabasi kampusdagi ro‘yxatdan o‘tish terminalida
OPAL EducationStudent Pass

TAS

Toshkent

KUL

Kuala-Lumpur

Pasport
kamida 18 oy
EMGS tekshiruvi
14 ish kuni
eVAL amal qiladi
6 oy
Tibbiy ko‘rik
7 ish kuni ichida

O‘qishga kirish jarayoni

Konsultatsiyadan kampusgacha olti qadam

Tartib MAHSA University, City University Malaysia va Malayziyadagi boshqa xususiy universitetlar uchun bir xil. Farqi tafsilotlarda: ingliz tili talablari, hujjatlar to‘plami va qabul sanalari.

  1. 01

    Konsultatsiya

    Maqsad, byudjet, ingliz tili darajasi va muddatlarni muhokama qilamiz — Toshkentdagi ofisda yoki onlayn.

  2. 02

    Universitet va dastur

    Profilingizga mos 2–⁠3 variantni tanlaymiz va to‘liq narxni hisoblaymiz: o‘qish, turar joy, parvoz.

  3. 03

    Hujjatlar va ariza

    Hujjatlarni yig‘ish va tarjima qilishda yordam beramiz hamda universitetga ariza topshiramiz.

  4. 04

    Offer letter

    Universitetdan rasmiy taklifnoma olamiz va grant yoki chegirma shartlarini tekshiramiz.

  5. 05

    Talaba vizasi

    Vizani Malayziyaning xorijlik talabalar bo‘yicha rasmiy xizmati — EMGS orqali rasmiylashtirish jarayonini kuzatib boramiz.

  6. 06

    Parvoz va o‘qish

    Aviachipta olish va joylashishda yordam beramiz hamda butun o‘qish davomida aloqada bo‘lamiz.

Har bir qadamda nima bo‘ladi

  1. 01Toshkentda yoki onlayn

    Konsultatsiya: maqsad, byudjet va ingliz tili darajasi

    Talaba va ota-onasi bilan tanishamiz: baholar, qiziqtirgan yo‘nalishlar, bir yillik byudjet va o‘qishni qachon boshlash rejasi. Birinchi uchrashuvdayoq qayerga kirish kerakligi — Foundation, Diploma, bakalavriat yoki magistratura — va avval ingliz tili kursi kerak-kerakmasligi aniq bo‘ladi.

    Sizdan talab qilinadi

    Attestat yoki oxirgi yilgi tabel, ingliz tili sertifikati (bo‘lsa), taxminiy byudjet.

  2. 02MAHSA, City University va boshqalar

    Universitet va dastur tanlash, byudjetni hisoblash

    2–⁠3 ta mos variantni taklif qilamiz va ularni qabul talablari, yaqin qabul sanalari, o‘qish va yashash narxi, grant yoki chegirma imkoniyati bo‘yicha solishtiramiz. Oila aniq raqamlarga asoslanib tanlov qiladi.

    MAHSA University City University Malaysia Malayziyada o‘qish narxi

    Sizdan talab qilinadi

    Universitet va dasturni tanlash.

  3. 03Ro‘yxat quyida

    Hujjatlar va universitetga ariza

    Tanlangan universitet uchun aniq hujjatlar ro‘yxatini beramiz, nimani ingliz tiliga tarjima qilib, notarial tasdiqlash kerakligini tushuntiramiz, to‘plamni tekshirib, onlayn ariza topshiramiz. Tarjimalardagi ism xorijga chiqish pasportidagi lotin yozuvi bilan bir xil bo‘lishi kerak — buni oldindan solishtiramiz.

    Sizdan talab qilinadi

    Xorijga chiqish pasporti, ilovasi bilan attestat yoki diplom, notarial tarjimalar, foto, ingliz tili sertifikati.

  4. 04Universitet qarori

    Offer letter — rasmiy taklif xati

    Universitet arizani ko‘rib chiqib, offer letter yuboradi: dastur, o‘qish boshlanadigan sana va to‘lov summasi. Shartlarni, jumladan grant yoki chegirmani tekshiramiz va nimani qaysi muddatgacha to‘lash kerakligini tushuntiramiz. Offer letter’siz talaba vizasiga ariza topshirib bo‘lmaydi.

    Xorijda o‘qish uchun grantlar

    Sizdan talab qilinadi

    Taklifni qabul qilish va universitet hisobini EMGS viza yig‘imlari bilan birga to‘lash.

  5. 05EMGS’da taxminan 14 ish kuni

    Talaba vizasi: EMGS, eVAL va kirish vizasi

    Universitet EMGS’ga ariza topshiradi, xizmat hujjatlarni tekshiradi, Malayziya Immigratsiya departamenti esa eVAL — vizaning elektron tasdig‘ini beradi. O‘zbekiston fuqarolariga parvozdan oldin bir martalik kirish vizasi (SEV) ham kerak. Batafsil — quyidagi viza bo‘limida.

    Sizdan talab qilinadi

    Sog‘liq haqidagi deklaratsiyani imzolash, sug‘urtani to‘lash, kirish vizasiga hujjat topshirish.

  6. 06Malayziyadagi birinchi hafta

    Parvoz, tibbiy ko‘rik va Student Pass

    Parvoz sanasini tanlash va aviachipta olishda yordam beramiz, MDAC raqamli kelish kartasini to‘ldirishni eslatamiz. Kelgandan keyin 7 ish kuni ichida talaba EMGS hamkor klinikasida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, so‘ng universitet pasportga Student Pass rasmiylashtiradi. Malayziyadagi jamoamiz joylashish va dastlabki kunlarda yordam beradi.

    Sizdan talab qilinadi

    Chipta olish, kelishdan oldingi 3 kun ichida MDAC’ni to‘ldirish, tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tish.

Chek-list

Malayziyaga o‘qishga hujjat topshirish: to‘liq ro‘yxat

Ro‘yxat EMGS va Malayziya universitetlari talablari asosida tuzilgan. Aniq to‘plam universitet va dasturga bog‘liq — yakuniy variantini konsultatsiyada beramiz.

01 / 04

Universitetga ariza uchun

  • Xorijga chiqish pasporti

    Rasmli sahifaning skan nusxasi; ba’zi universitetlar barcha sahifalarni, jumladan bo‘shlarini ham so‘raydi. Amal qilish muddati — kamida 18 oy, yaxshisi butun o‘qish muddati va yana bir yil.

  • Ilovasi bilan attestat yoki diplom

    11-sinfdan keyingi attestat, kollej yoki litsey diplomi — baholar ilovasi bilan. Magistratura uchun — bakalavr diplomi va transkript.

  • Ingliz tiliga notarial tarjima

    Ingliz tilida berilmagan barcha ta’lim hujjatlari tarjima qilinib, notarial tasdiqlanadi.

  • Ingliz tili sertifikati

    IELTS, TOEFL iBT, PTE Academic, Cambridge English yoki EMGS ro‘yxatidagi boshqa test. Sertifikat hali bo‘lmasa, tanlangan universitet qanday imkoniyat berishini aytib beramiz.

  • Foto

    Pasport formatidagi raqamli foto. EMGS vizasi uchun — oq fonda, 35×45 mm.

  • Rezyume — magistratura uchun

    Magistratura dasturlari uchun universitet CV va ish joyidan ma’lumotnoma so‘rashi mumkin.

02 / 04

Talaba vizasi uchun — offer letter’dan keyin

  • Offer letter

    Universitetning qabul xati: usiz EMGS arizani qabul qilmaydi.

  • Sog‘liq haqida deklaratsiya

    EMGS Health Declaration Form blankasi — ariza topshirishdan oldin to‘ldirilib, imzolanadi.

  • Pasport, foto, ta’lim hujjatlari va ingliz tili sertifikati nusxalari

    Universitetga topshirilgan hujjatlarning o‘zi. Pasportdan — rasmli sahifa va vizalar bor barcha sahifalar.

  • EMGS yig‘imlari va sug‘urta to‘lovi

    Universitet hisobi bo‘yicha. Sug‘urta butun o‘qish davri uchun majburiy.

  • Personal bond — qaytariladigan garov

    Universitet orqali to‘lanadi va o‘qish tugagach yoki to‘xtatilgach, immigratsiya qoidalari buzilmagan bo‘lsa, qaytariladi.

03 / 04

Parvozdan oldin

  • eVAL

    Vizaning elektron tasdig‘i. Uni olmasdan Malayziyaga kirish mumkin emas.

  • Bir martalik kirish vizasi (SEV)

    Malayziyaning Toshkentdagi elchixonasi uchun: ingliz tilida to‘ldirilgan anketa va 3×4 sm foto, aviachipta nusxasi, pasport asosiy sahifasining nusxasi va eVAL.

  • MDAC raqamli kelish kartasi

    Kelishdan oldingi 3 kun ichida onlayn to‘ldiriladi.

  • Hujjatlarning asl nusxalari

    Attestat yoki diplom, tarjimalar va ingliz tili sertifikatini o‘zingiz bilan oling.

04 / 04

Malayziyadagi birinchi haftada

  • Tibbiy ko‘rik

    Kelgandan keyin 7 ish kuni ichida EMGS hamkor klinikasida.

  • Pasportdagi Student Pass

    Tibbiy ko‘rikdan so‘ng universitet talaba ruxsatnomasi stikerini rasmiylashtiradi — odatda bir yilgacha muddatga, keyin u uzaytiriladi.

Ingliz tilini bilish — o‘qishga kirishning asosiy talablaridan biri: Malayziya universitetlarida ta’lim ingliz tilida olib boriladi, sertifikat esa viza arizasiga ham ilova qilinadi.

Talaba vizasi

Malayziyaga talaba vizasi: EMGS qanday ishlaydi

Malayziyada talaba vizasi Student Pass deb ataladi. Xorijlik talabalarning arizalarini Malayziya Oliy ta’lim vazirligi huzuridagi EMGS (Education Malaysia Global Services) tashkiloti ko‘rib chiqadi. Arizani offer letter’ni qabul qilganingizdan keyin universitet topshiradi.

  1. Offer letter’dan keyin

    EMGS’ga ariza

    Universitet arizani o‘z tizimi orqali yoki EMGS saytida onlayn topshiradi. Unga pasport, foto, offer letter, sog‘liq haqidagi deklaratsiya, ta’lim hujjatlari va ingliz tili sertifikati ilova qilinadi.

  2. 14 ish kuni

    Hujjatlarni tekshirish

    EMGS ta’lim hujjatlarini va to‘plam to‘liqligini tekshiradi. Xizmat standartiga ko‘ra to‘liq to‘plam 14 ish kunida ko‘rib chiqiladi; to‘liq bo‘lmagan yoki xatoli to‘plamga ko‘proq vaqt ketadi.

  3. 6 oy amal qiladi

    eVAL — viza tasdig‘i

    Malayziya Immigratsiya departamenti eVAL — vizani tasdiqlovchi elektron xat beradi. Mamlakatga faqat u olingandan keyin kirish mumkin.

  4. 3–⁠4 ish kuni

    Bir martalik kirish vizasi (SEV)

    O‘zbekiston fuqarolari Malayziyaga kirishdan oldin bir martalik viza olishi kerak. Viza eVAL asosida — eVISA tizimi orqali yoki Malayziyaning Toshkentdagi elchixonasida rasmiylashtiriladi (konsullik yig‘imi — 6 dollar, muddati — 3–⁠4 ish kuni). Ariza paytida qaysi yo‘l amalda ekanini siz uchun aniqlaymiz.

  5. Kelishdan oldingi 3 kun

    MDAC va parvoz

    Parvozdan oldin MDAC raqamli kelish kartasi to‘ldiriladi. Mamlakatga talaba hujjatlari bilan kirish kerak: turist sifatida kirgan talaba Malayziyadan chiqib, qaytadan kirishiga to‘g‘ri keladi.

  6. 7 ish kuni

    Kelgandan keyin tibbiy ko‘rik

    Yangi talaba kelganidan keyin 7 ish kuni ichida EMGS hamkor klinikasida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Usiz EMGS Student Pass’ni rasmiylashtirishni boshlamaydi.

  7. 1 yilgacha, uzaytiriladi

    Pasportdagi Student Pass

    Universitet talaba ruxsatnomasini — pasportdagi stikerni rasmiylashtiradi. Odatda u bir yilgacha muddatga beriladi va uzaytiriladi; EMGS uzaytirish arizasini muddat tugashidan 3 oy oldin topshirishni tavsiya qiladi.

Muddatlar

Talaba vizasi qancha vaqtda tayyor bo‘ladi va qachon boshlash kerak

Vizani rasmiylashtirishning o‘ziga bir necha hafta ketadi, ammo dastur tanlash, hujjatlar va offer letter bilan birga kampusgacha bo‘lgan yo‘l uzoqroq. Taxminiy muddatlar:

4–⁠6 oy
o‘qish boshlanishidan oldin — tayyorgarlikni boshlash uchun eng ma’qul vaqt
OPAL tavsiyasi
14 ish kuni
EMGS to‘liq hujjatlar to‘plamini ko‘rib chiqadi
EMGS standarti
6–⁠8 hafta
butun viza jarayoni davom etadi
City University Malaysia bahosi
3–⁠4 ish kuni
Toshkentdagi elchixonada bir martalik viza rasmiylashtiriladi
Malayziya elchixonasi

Malayziyaning xususiy universitetlarida qabul yiliga bir necha marta bo‘ladi — masalan, City University Malaysia’da yanvar, may va sentabrda. Tanlangan universitetdagi qabul sanalarini konsultatsiyada aniqlaymiz.

Yig‘imlar

Malayziyaga talaba vizasi qancha turadi

MAHSA University va City University Malaysia joylashgan Malayziya yarimorolidagi xususiy oliygohlar uchun EMGS’ning rasmiy yig‘imlari. EMGS jadvali 2026-yil 23-iyunda yangilangan.

  • Universitet viza yig‘imlarini o‘z to‘lovlari bilan bitta hisobda chiqarishi mumkin. Masalan, City University Malaysia’da ariza va EMGS orqali rasmiylashtirish uchun yig‘im — taxminan RM 3 810. Aniq summani offer letter yoki universitet hisobida ko‘rasiz.
  • Universitet hisobi to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning rekvizitlariga to‘lanadi — masalan, City University Malaysia shuni talab qiladi.
Birinchi yil uchun EMGS talaba vizasi yig‘imlari, Malayziya yarimorolidagi xususiy oliygohlar
To‘lovRM / USD
EMGS ariza ko‘rib chiqish yig‘imi (12 oygacha ruxsatnoma)1 600≈ $390
eVAL — viza tasdig‘i150≈ $37
Ko‘rib chiqish va eVAL uchun 8% soliq140≈ $34
Kelgandan keyingi tibbiy ko‘rik340≈ $83
12 oylik tibbiy sug‘urta (EMGS paketlari)498–⁠644≈ $122–⁠158
iKad — xorijlik talaba kartasi50≈ $12
Student Pass stikeri60≈ $15
Ko‘p martalik viza (Multiple Entry Visa)20≈ $5
Birinchi yil uchun jami2 858–⁠3 004 ≈ $700–⁠740
Alohida
Personal bond — O‘zbekiston fuqarolari uchun qaytariladigan garov1 500≈ $370
Malayziyaning Toshkentdagi elchixonasida bir martalik viza$6

Kurs: 1 USD ≈ 4,08 RM (Bank Negara Malaysia, 2026-yil 1-oktabr). Dollardagi summalar yaxlitlangan.

Manbalar: EMGS Schedule of Fees (v1.8, 23.06.2026), EMGS personal bond jadvali, Malayziyaning Toshkentdagi elchixonasi sayti.

Kim nima qiladi

OPAL nima qiladi, oila nima qiladi

Jarayonni biz olib boramiz va har bir hujjatni tekshiramiz, ammo ba’zi qadamlarni faqat talabaning o‘zi yoki ota-onasi bajara oladi.

MAHSA University ochiq eshiklar kunida talabalar va ota-onalar
01Dastur tanlashOPAL Education Konsultatsiya, profilingizga mos 2–⁠3 variant, o‘qish va yashashning to‘liq narxini hisoblashTalaba va oila Maqsadlar, baholar, ingliz tili darajasi va byudjet haqida aytib berish
02HujjatlarOPAL Education Tanlangan universitet uchun hujjatlar ro‘yxati, tarjima talablari, topshirishdan oldin to‘plamni tekshirishTalaba va oila Xorijga chiqish pasporti, ilovasi bilan attestat yoki diplom, notarial tarjimalar, foto, ingliz tili sertifikati
03Ariza va offer letterOPAL Education Arizani to‘ldirib topshiramiz, universitet bilan yozishamiz, offer letter va grant shartlarini tekshiramizTalaba va oila Offer letter’ni qabul qilish va universitet hisobini to‘lash
04EMGS vizasiOPAL Education Universitet bilan birga EMGS uchun to‘plam tayyorlaymiz va ariza holatini kuzatib boramizTalaba va oila Sog‘liq haqidagi deklaratsiyani imzolash, EMGS yig‘imlari va sug‘urtani to‘lash
05Kirish vizasi va parvozOPAL Education Bir martalik viza anketasida yordam beramiz, MDAC haqida eslatamiz, o‘zingiz bilan nima olish kerakligini aytamizTalaba va oila Vizaga hujjat topshirish, chipta olish, MDAC’ni to‘ldirish
06Malayziyadagi dastlabki haftalarOPAL Education Malayziyadagi jamoamiz joylashish, tibbiy ko‘rik va Student Pass’ni rasmiylashtirishda yordam beradiTalaba va oila 7 ish kuni ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tish va Student Pass’ni o‘z vaqtida uzaytirish

Ko‘p uchraydigan xatolar

O‘qishga kirish va viza nega kechikadi

Ko‘pincha muddatlar rad javobi sababli emas, hujjatlardagi mayda kamchiliklar tufayli buziladi. Biz oldindan quyidagilarni tekshiramiz:

  • Hujjatlar to‘liq emas

    EMGS to‘liq to‘plamni 14 ish kunida ko‘rib chiqadi; biror narsa yetishmasa yoki xato bo‘lsa, ariza uzoqroq ko‘riladi.

  • Ingliz tili sertifikati yo‘q

    Sertifikatsiz vizani rasmiylashtirish kechikishi mumkin, talaba ruxsatnomasi esa butun kurs muddatiga berilmaydi.

  • Pasport muddati tugayapti

    EMGS kamida 18 oylik amal qilish muddatini talab qiladi. Pasportni o‘qish davomida emas, ariza topshirishdan oldin yangilash osonroq.

  • Foto standartga mos emas

    EMGS uchun oq fonda 35×45 mm foto kerak; EMGS saytida fotoni onlayn tekshirish xizmati bor. Biz uni yuborishdan oldin tekshiramiz.

  • Ism turlicha yozilgan

    Attestat tarjimasidagi lotin yozuvi xorijga chiqish pasporti bilan bir xil bo‘lishi kerak. Aks holda tarjimani qaytadan qilishga to‘g‘ri keladi.

  • Talaba vizasisiz kirish

    Mamlakatga faqat eVAL olingandan keyin kirish mumkin. Turist sifatida kirgan talaba chiqib, qaytadan kirishi kerak bo‘ladi.

  • Tibbiy ko‘rik o‘tkazib yuborilgan

    Tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun kelgandan keyin 7 ish kuni beriladi. Usiz EMGS Student Pass’ni rasmiylashtirishni boshlamaydi.

  • O‘qish boshlanishi surilgan

    eVAL 6 oy amal qiladi. Boshlanish sanasi surilsa, viza muddatlarini oldindan qayta hisoblash kerak.

Savol-javob

O‘qishga kirish va talaba vizasi haqida savollar

Malayziyada o‘qish uchun qanday hujjatlar kerak?
Amal qilish muddati kamida 18 oy bo‘lgan xorijga chiqish pasporti, ilovasi va ingliz tiliga notarial tarjimasi bilan attestat yoki diplom, ingliz tili sertifikati (IELTS, TOEFL, PTE yoki EMGS ro‘yxatidagi boshqa test) va foto. Offer letter’dan keyin viza uchun sog‘liq haqidagi deklaratsiya va EMGS yig‘imlari qo‘shiladi. To‘liq ro‘yxat — shu sahifadagi chek-listda.
O‘zbekistonliklarga Malayziyada o‘qish uchun viza kerakmi?
Ha. Talabaga EMGS orqali Malayziya Immigratsiya departamentidan eVAL — viza tasdig‘i, O‘zbekiston fuqarolariga esa parvozdan oldin bir martalik kirish vizasi (SEV) ham kerak. Kelgandan va tibbiy ko‘rikdan keyin pasportga Student Pass yopishtiriladi.
Malayziyaga talaba vizasi qancha turadi?
EMGS’ning xususiy oliygohlar uchun rasmiy jadvaliga ko‘ra, birinchi yildagi majburiy to‘lovlar — RM 2 858–⁠3 004 (taxminan 700–⁠740 dollar): ariza ko‘rib chiqish, soliq bilan eVAL, tibbiy ko‘rik, sug‘urta, iKad, Student Pass stikeri va ko‘p martalik viza. Bundan tashqari qaytariladigan garov (personal bond) to‘lanadi — O‘zbekiston fuqarolari uchun RM 1 500.
Talaba vizasi qancha vaqtda tayyor bo‘ladi?
EMGS standartiga ko‘ra to‘liq to‘plam 14 ish kunida ko‘rib chiqiladi. City University Malaysia bahosiga ko‘ra, butun viza jarayoni 6–⁠8 hafta davom etadi. Toshkentdagi elchixonada bir martalik viza 3–⁠4 ish kunida rasmiylashtiriladi.
Malayziya universitetiga IELTS’siz kirish mumkinmi?
Ingliz tili sertifikati universitetga ham, vizaga ham kerak: EMGS IELTS, TOEFL, PTE, Cambridge English va boshqa testlarni qabul qiladi. Sertifikat hali bo‘lmasa, ko‘plab xususiy universitetlar avval til dasturi yoki Foundation’dan boshlashni taklif qiladi — tanlangan universitetdagi imkoniyatlarni konsultatsiyada aytib beramiz.
Attestatni tarjima qilib, tasdiqlash kerakmi?
Ha. Ingliz tilida berilmagan ta’lim hujjatlari ingliz tiliga notarial tasdiqlangan tarjima bilan topshiriladi. Tarjimadagi ism xorijga chiqish pasportidagi yozuv bilan mos kelishi muhim.
Parvozdan oldin Toshkentda tibbiy ko‘rikdan o‘tish kerakmi?
Malayziya yarimorolidagi universitetlar uchun ariza topshirishdan oldin faqat EMGS sog‘liq deklaratsiyasi to‘ldiriladi. Tibbiy ko‘rikning o‘zi Malayziyada — kelgandan keyin 7 ish kuni ichida EMGS hamkor klinikasida o‘tkaziladi.
11-sinfdan keyin Malayziyaga qanday o‘qishga kirish mumkin?
11-sinfdan keyin odatda Foundation (tayyorlov yili) yoki Diploma dasturiga kiriladi, so‘ng bakalavriatga o‘tiladi. Hujjatlar va viza shu sahifada yozilganidek rasmiylashtiriladi.

TAS KUL

Hujjatlarni yig‘ishda va EMGS vizasini rasmiylashtirishda yoningizda bo‘lamiz

Raqamingizni qoldiring — maslahatchi nimalar tayyorligini tekshirib, sanalar bo‘yicha o‘qishga kirish rejasini tuzib beradi.

Ish kuni davomida javob beramiz. Raqamingiz faqat o‘qishga kirish bo‘yicha aloqa uchun kerak. Formani yuborib, siz quyidagi hujjat shartlariga rozilik bildirasiz: maxfiylik siyosati.